2

Mamlakatimiz hududlarining ishlab chiqarish, resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash, transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayoniga eng samarali texnologiyalarni keng tatbiq qilishda erkin iqtisodiy zonalarning o’rni va ahamiyati beqiyos.

Shu boisdan ham yurtimizda mahalliy xom ashyo hamda ishlab chiqarish zaxiralaridan keng foydalanish, shu asnoda erkin iqtisodiy zonalarda raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonni huquqiy jihatdan kafolatlashda, albatta, sohaga oid qonunchilik muhim o’rin tutadi.

Ayni shu nuqtai nazardan kelib chiqib, joriy yilning 30 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo’mitasi tomonidan “Angren” erkin iqtisodiy zonasida davra suhbati tashkil etildi. Unda qatnashgan quyi palata deputatlari, Vazirlar Mahkamasi xodimlari, tegishli vazirlik, qo’mita hamda idoralar, respublikada tashkil qilingan barcha erkin iqtisodiy zona va sanoat korxonalari rahbarlari O’zbekistonning ishlab chiqarish hamda resurslar salohiyatidan kompleks va samarali foydalanilishini ta’minlashda erkin iqtisodiy zonalarning roli xususida atroflicha so’z yuritdilar.

Ta’kidlanganidek, tadbir uchun “Angren” erkin iqtisodiy zonasi bejiz tanlanmadi. Zero, bu yerda Janubiy Koreya, Singapur, Avstriya, Buyuk Britaniya, Bolgariya kabi davlatlarning yetakchi firma hamda kompaniyalari hamkorligida turli o’lchamdagi mis quvurlar, texnik kremniy, energiya tejovchi diod lampalar, ko’mir briketlari va zamonaviy qurilish-pardozlash materiallari hamda shakar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan ko’plab korxonalar faoliyati yo’lga qo’yilgan. Shuningdek, shaharga elektrlashtirilgan temir yo’l qurilgani, vodiyga eltuvchi avtomobil yo’li mavjudligi, hududning markazga yaqinligi va bu yerdan poytaxtga kirmasdan mamlakatimizning boshqa manzillariga o’tish imkoniyati borligi sarmoyadorlarning mazkur erkin iqtisodiy zonaga bo’lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.

Ishtirokchilar yurtimizda erkin iqtisodiy zonalardagi korxonalar tomonidan tashqi bozorda talab yuqori bo’lgan raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan, mineral xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash bo’yicha yangi quvvatlarni barpo etish, buning uchun hududlarga chet el investitsiyalarini jalb qilishni kengaytirish maqsadida xorijlik investorlarga yangi imtiyoz hamda preferensiyalar berilayotganligini ham alohida qayd etishdi.

Jumladan, erkin iqtisodiy zonada faoliyat ko’rsatadigan korxonalarga kiritiladigan investitsiyalar hajmiga qarab 3 yildan 7 yilgacha muddatga soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qo’llanilishidan tashqari, u yerdagi korxonalar uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Bu borada Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi “Urgut”, “o’ijduvon”, “Qo’qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to’g’risida”gi Farmoni dasturilamal bo’lib xizmat qilayapti.

Shuningdek, tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalarning jadal rivojini ta’minlash uchun ayrim foydalanilmagan imkoniyat hamda zaxiralarni ishga solish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, deputatlar erkin iqtisodiy zonalarning xususiyatlari, beriladigan soliq va bojxona imtiyozlari haqida xorijiy investorlarni to’liq xabardor qilish chora-tadbirlarini kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratdilar.

Tadbir davomida qatnashchilar “Angren” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat olib borayotgan “Angren quvur zavodi” unitar korxonasi hamda “O’z-Prista Resaykling” qo’shma korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ham ega bo’lishdi.

Davra suhbatida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Manba:  Jahon Axborot Agentligi

The following two tabs change content below.

Ravshan Vafoev

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan