GFRning yirik iqtisodiy jurnallaridan biri “Ost-West-Contact” portalida “Germaniya va O’zbekistonning 2016-2017 iqtisodiy yilnomasi” elektron to’plami e’lon qilindi. Nashr mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy imkoniyatlari hamda ikki mamlakat o’rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollariga bag’ishlangan.

Хазасит Узбекистан

Roppa-rosa 50 sahifalik axborotnomada GFRning O’zbekistondagi elchisi Naytxart Xyofer-Vissing, Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Yorg Xech, nemis iqtisodiyotining mamlakatimizdagi klubi prezidenti Bodo Tens va Germaniya ishbilarmonlar hamjamiyatining boshqa yetuk a’zolarining tabrik so’zlari bilan boshlanadi. Ushbu nomalarni bitta xulosa – mamlakatning ulkan salohiyatini hisobga olgan holda O’zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlikning ta’kidlangani birlashtiradi.

To’plamda Germaniya tadbirkorlari va imkoniyati yuqori sarmoyadorlari uchun O’zbekistonda biznes yuritish, alohida yuqori texnologiyali tarmoqlarning rivoji, xorijiy korxonalar faoliyatining huquqiy kafolatlari, sarmoyaviy imkoniyatlar, sanoat va infratuzilma loyihalari haqida batafsil ma’lumotlar havola etilgan. Maxsus grafika usuli orqali O’zbekistonning so’nggi 25 yil davomida erishgan natijalari va rivojlanishiga sabab bo’lgan voqyealar haqida ko’rgazmali ma’lumotlar berilgan.

Nashrda mamlakatimizda iqtisodiyotni tarkibiy yangilash va diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, eksportga yo’naltirilgan tarmoqni qo’llab-quvvatlash, transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratiladi. Undan shuningdek, O’zbekistonni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarining tahlillari ham o’rin olgan.

Ayni paytda, gazni qayta ishlash, neft va kimyo, kimyo va elektr texnikasi sanoati, energetika kabi sohalar eng istiqbolli hisoblanishi qayd etiladi.

To’plam o’quvchilar e’tiborini O’zbekistonda shakllantirilgan qulay sarmoyaviy muhitga va uning huquqiy asoslariga qaratadi. Xorijiy kompaniyalar uchun boshqaruvning moslashuvchan menejment shakli jozibali ekani haqida to’xtalarkan, nashr ekspertlarning fikriga ko’ra, ushbu boshqaruv usuli ko’magida amalga oshirilgan loyihalar qiymati hozirgacha qariyb 1 milliard AQSh dollarini tashkil etishini ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, bugungi kunda O’zbekiston iqtisodiyotini muvaffaqiyatli rivojlantirishni ta’minlash borasida erishilgan yutuq sifatida mamlakat ikki va uch yilga mo’ljallangan o’rta muddatli rejalardan besh, o’n besh yilda amalga oshirilishi ko’zda tutiladigan uzoq muddatli rejalashtirish tizimga o’tgani haqidagi dalil keltiriladi. Ushbu omil respublika erishgan ulkan natijalardan biri ekani qayd etiladi.

To’plamda shuningdek, mamlakatimizga xorijiy sarmoyalarni xususiylashtirishni jadallashtirish yo’li orqali jalb etish borasida O’zbekistonda qabul qilinayotgan keng ko’lamli tadbirlar haqida so’z yuritiladi. Unda keltirilgan sarmoyadorlarga mablag’ jalb etishi taklif qilinayotgan ob’yektlar ro’yxati O’zbekiston hukumati tomonidan tasdiqlangan.

Shu bilan birga, nashrda O’zbekistonning alohida mintaqalari va iqtisodiyotning ma’lum tarmoqlari rivojlanishi hamda mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan Germaniya korxonalarining tajribasi haqida ham ma’lumotlar berilgan.

Xulosa o’rnida rang-barang suratlar va turli ko’rsatkichlarni o’zida namoyon etgan jadvallar bilan to’ldirilgan maxsus to’plam Yevropa ishbilarmon doiralari uchun O’zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti haqida ma’lumot beruvchi ishonchli manbalardan biridir, deb aytish mumkin.

Manba: Jahon Axborot Agentligi

The following two tabs change content below.

Ravshan Vafoev

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan