Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi tomonidan respublikamizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir Hindiston Sanoat konfederatsiyasi, ushbu mamlakat savdo-sanoat palatalari uyushmasi va federatsiyasi hamda “Hindiston – MDH” savdo-sanoat palatasi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.
Hindiston savdo-sanoat palatalari, ishbilarmon doiralari hamda sayyohlik kompaniyalarining vakillari mazkur forumning ishtirokchilari bo‘lishdi. Ularning e’tibori O‘zbekistondagi mavjud iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatga hamda respublikamizdagi yangi sarmoyaviy imkoniyatlarga qaratildi.
Tadbir chog‘ida Hindiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri hisoblanadigan farmatsevtika sohasida qo‘shma ishlab chiqarishlarning istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Hind ishbilarmon doiralarining vakillari O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va biznes yuritish uchun qulay sharoitlarni mustahkamlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘zlarida katta qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdilar.
Taqdimotda so‘zga chiqqan Hindiston Sanoat konfederatsiyasi bosh direktorining o‘rinbosari R.Gaur o‘z tashkiloti O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan yaqin muloqot o‘rnatilishidan manfaatdor ekanligini ma’lum qilar ekan, shu yo‘l bilan ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga hissa qo‘shishga tayyorligini ta’kidladi.
-Konfederatsiyamiz, xususan, dori-darmon, oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoatida, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida kooperatsiya uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqda, – dedi u.
Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasining xalqaro hamkorlik departamenti direktori Roxit Sharma ham o‘z federatsiyasi O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini aytdi.
“Hindiston – MDH” savdo-sanoat palatasining faxriy prezidenti Rajan Madxu so‘nggi yil davomida O‘zbekistonda sarmoyaviy imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan uchun mislsiz chora-tadbirlar hayotga tadbiq etilganini alohida ta’kidladi. R.Madxu mamlakatimiz Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzolangani hamda respublikamizda «Korruptsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinganini bu fikrning yaqqol misoli sifatida tilga oldi.
Hindistonlik biznesmenning qayd etishicha, O‘zbekistonda valyuta siyosatining liberallashuvi mamlakat rahbariyatining ochiq iqtisodiy siyosatni davom etttirishga hamda tizimli islohotlarni chuqurlashtirishga bo‘lgan sodiqligini namoyon etadigan juda muhim qadam bo‘ldi.
Taqdimot yakunlari bo‘yicha qator hind kompaniyalari bilan qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganish uchun O‘zbekistonga biznes-safarni tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Manba: “Jahon” AA
Ravshan Vafoev
Latest posts by Ravshan Vafoev (see all)
- «ADVANTEX» MChJ kompaniyasining Samarqand shahrida filialining ochilishi! - Yanvar 5, 2021
- ITMA 2019 ga xush kelibsiz! - Iyun 17, 2019
- Optibelt remenlari Toshkentda! - Aprel 24, 2019