b7c3b7a4bb8bc266a517106bd9599927_L-1

Joriy yilda O’zbekiston 4,505 mlrd AQSh dollari miqdorida xorijiy sarmoyalarni o’zlashtirishni rejalashtirgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan tasdiqlangan investitsiya dasturiga ko’ra, 199ta investitsiya loyihalariga shu miqdorda sarmoya jalb qilish belgilangan, deb yozadi «Gazeta.uz».

Ushbu miqdorning 1,854 mlrd dollari hukumat kafolati ostida jalb qilinadi. Bu mablag’lar 79ta loyihaga kiritiladi. 120 loyihaga 2,65 mlrd dollarlik xorijiy sarmoyani to’g’ridan-to’g’ri jalb etish rejalashtirilgan. Shundan yoqilg’i-energetika sohasidagi 37ta loyihaga jami 2,47 mlrd dollar xorijiy sarmoya jalb etiladi.

Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi 2017 yilda umumiy qiymati 8 mlrd dollarlik mahsulotlarni taqsimlash bo’yicha ikkita kelishuv uchun 1,217 mlrd dollar sarmoya kiritadi. Gas Project Development Central Asia (GPD, Gazprom International sho’`ba korxonasi) ham Ustyurt mintaqasi va Surxondaryo viloyatidagi gaz konlarini o’zlashtirish bo’yicha umumiy qiymati 1,3 mlrd dollarga yaqin bo’lgan ikki loyihani amalga oshirishga kirishadi.

Energetika sohasida xalqaro moliyaviy institutlarning xorijiy kreditlari hisobiga 17ta loyiha bo’yicha 506,7 mln dollar sarmoya o’zlashtirish belgilangan. Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Mitsubishi Hitachi Power Systems kompaniyalari umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarga yaqin bo’lgan ikkita loyiha – Namangan viloyatidagi 900 mVtlik To’raqo’rg’on IES qurilishi hamda Navoiy IESga quvvati 450 mVt bo’lgan bug’-gaz qurilmasini o’rnatishni amalga oshirishga kirishadi. Xitoyning Zhuhai Singes Green Building Technology kompaniyasi Samarqand viloyatida quyosh elektrstansiyasini qurishni boshlaydi.

Rasmiy statistik ma`lumotlarga ko’ra, 2016 yilda O’zbekiston iqtisodiyotida o’zlashtirilgan xorijiy sarmoyalar va kreditlar miqdori 11,3 foizga o’sib, 3,7 mlrd dollardan oshib ketgan. O’tgan yili umumiy qiymati 5,2 mlrd dollarlik 164ta yirik loyihani bajarish ishlari yakunlangan.

Manba: kun.uz

The following two tabs change content below.

Ravshan Vafoev

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan