Germaniyaning ko‘rgazma tashkil etishga ixtisoslashgan “IFWexpo Heidelberg GmbH” kompaniyasi veb-saytida ana shunday sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “AgroExpo Uzbekistan-2017” va “Uzbekistan Agromash Expo-2017” xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmalari yakunlari haqida so‘z yuritiladi.
Germaniya ekspozitsiyasi tashkilotchilaridan biri bo‘lgan “IFWexpo” maqolasida “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasi va GFR kompaniyasi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, tomonlar uzoq muddat davomida hamkorlik qilishi ta’kidlanadi. Shu bilan birga, sheriklik doirasida mamlakatimiz agrosanoat majmuasining ko‘plab yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish hamda uni butun dunyo bo‘ylab targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilishi qayd etiladi.
Maqolada ta’kidlanganidek, “AgroExpo Uzbekistan-2017” va “Uzbekistan Agromash Expo-2017” ko‘rgazmalari Germaniya iqtisodiyotining ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etish qo‘mitasi tomonidan “GTQ” (xorijda ko‘rgazma tashkil etish bo‘yicha olmon sifati) darajasi bilan taqdirlandi. “Bu savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yuksak darajada e’tirof etilganining natijasidir”, deyiladi maqolada.
Shuningdek, O‘zbekistonning yangi rahbariyati tomonidan milliy iqtisodiyotni faol tarzda liberallashtirish, jumladan, xorijiy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimining yo‘lga qo‘yilishi borasida olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Maqolada konvertatsiyaning yo‘qligi O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda eng asosiy to‘siqlardan biri bo‘lgani aytiladi.
“IFWexpo” kompaniyasining bosh direktori Shtefan Kressning so‘zlariga ko‘ra, valyuta sohasining liberallashtirilishi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatiga texnologiya va uskunalar import qiluvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ta’kidlash joizki, “IFWexpo” Germaniya Qishloq xo‘jalik jamiyatining sho‘‘ba korxonasi hisoblanadi va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va yog‘ochni qayta ishlash sohalarida ko‘rgazmalar tashkil etish borasidagi dunyoning yetakchi tuzilmalari sirasiga kiradi. Bundan tashqari, Germaniyaning Iqtisodiyot va energetika federal vazirligi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi federal vazirliklarining topshirig‘iga ko‘ra “IFWexpo” GFRning xalqaro ko‘rgazmalarda jamoaviy ishtirokini ta’minlaydi.
Манба: Jahon Axborot Agentligi
Ravshan Vafoev
Latest posts by Ravshan Vafoev (see all)
- «ADVANTEX» MChJ kompaniyasining Samarqand shahrida filialining ochilishi! - Yanvar 5, 2021
- ITMA 2019 ga xush kelibsiz! - Iyun 17, 2019
- Optibelt remenlari Toshkentda! - Aprel 24, 2019