Toshkentda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ochildi.
Ushbu forum paxta yetishtirish, uni qayta ishlash, transportirovka qilish va sotish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi. An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan xalqaro anjuman bugun nafaqat O‘zbekistonning turli davlatlarning yirik to‘qimachilik kompaniya va yetakchi treyderlari bilan hamkorligini kengaytirish, balki paxta yetishtirish, uni qayta ishlash, sotish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan ko‘plab mamlakatlar, firma hamda kompaniyalar o‘rtasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekistonda paxtachilik sohasi nafaqat agrotexnologiyalarni yanada takomillashtirish, navlar sifatini yaxshilash va paxta tozalash sanoatini modernizatsiya qilish hisobidan, balki ilg‘or jahon tendensiyalari asosida rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. So‘nggi yillarda soha korxonalari ishlab chiqarish maydonlarini imkon qadar qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalar, xomashyo va mahsulotni avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish, elektron hisobga olish tizimlarini joriy etish hisobidan qayta jihozlanmoqda. Paxtani toylash bo‘yicha yangi tizim joriy etilgani mahsulotning tovar ko‘rinishini sezilarli darajada yaxshilash, tannarxini kamaytirish va ishlab chiqarish madaniyatini oshirish imkonini berayotir.
Yarmarkada sotuvga qo‘yilgan har bir toy «Sifat» O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazining sifat sertifikatiga ega. Ayni paytda markaz va uning hududiy laboratoriyalari modernizatsiya qilinib, texnik va texnologik qayta jihozlanmoqda. 2017-yilgacha markazni bugungi kunda foydalanilayotgan tizimlarga qaraganda samaradorligi ikki barobar yuqori bo‘lgan “Uster HVI 1000” avtomatlashtirilgan tizimi bilan jihozlash rejalashtirilayotir. Bu tola sifatini ishonchli va xolis baholash darajasini hamda O‘zbekiston paxtasining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.So‘nggi yillarda mamlakatimizning eksport salohiyati sezilarli ravishda oshib, tashqi bozorga mahsulot yetkazib berish tuzilmasini xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga yo‘naltirish yengil sanoat imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Bugun tarmoq korxonalari o‘z mahsulotlarini dunyoning 55 davlatiga yetkazib bermoqda va eksport geografiyasi muntazam kengaymoqda. To‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar MDH va Yevropa davlatlari, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSh, Kanada hamda qator arab mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Ayrim mamlakatlar, xususan, AQShda dilerlik bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda va mamlakatimizning jahon bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilayotir.Yarmarka ishtirokchilari “O‘zekspomarkaz” to‘qimachilik pavilyonida mamlakatimiz yengil sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori sifatli mahsulotlar bilan tanishdi. O‘zbekistonning yuzga yaqin to‘qimachilik va tikuvchilik-trikotaj korxonalari kalava, gazlama, bo‘yalgan va aralash ip, trikotaj mato, tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlari, shuningdek, paypoq, maxsus tayyorlangan matolar, maxsus kiyim-kechak va boshqa tovarlarni taqdim etmoqda.
Yarmarkada «Osborn tekstil», «DEU Farg‘ona», «DEU Buxoro», «Indorama Qo‘qon tekstil», «Tekstayl Teknoloji grup», «Alkim tekstil», «Biryuza grupp», «Konteks Toshkent», «BF tekstil», «Fresh Stayl», «Lukbo tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari xorijiy korxonalar, «O‘zteks», «Plasteks» kabi kompaniyalar guruhi o‘z stendlarini namoyish qilmoqda.
– O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati so‘nggi yillarda jadal rivojlanib bormoqda, – dedi Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi bosh direktori K.Shindler. – Sohaga investitsiyalar jalb qilinayotgani, ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanayotgani, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar eksporti hajmi oshayotgani bunda muhim omil bo‘lmoqda. Natijada tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan ko‘plab yangi korxonalar tashkil etilmoqda.
An’anaga ko‘ra, yarmarka doirasida mamlakatimiz hududlarining investitsiya salohiyati va to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga doir yangi loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Xorijiy ishbilarmon doiralar vakillari ushbu loyihalar katta istiqbolga ega ekanini ta’kidlab, ularga investitsiya kiritishdan manfaatdorligini bildirdi.
“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi «Sharq liboslari» dizayn markazi va “Osiyo ramzi” O‘zbekiston modelyerlar va dizaynerlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining liboslar kolleksiyasi namoyishi paxta forumi ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirda erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari, turfa rangli, naqsh va bichimli xilma-xil liboslar kolleksiyalari namoyish qilindi.
Source: Legprom.uz
admin
Latest posts by admin (see all)
- CAITME 2016 ga taklif qilamiz - Avgust 31, 2016
- Mamlakatimiz yengil sanoatining eksport salohiyati yuksalmoqda - Avgust 30, 2016
- «O’zbekyengilsanoat» mahsulotlari dunyoning 50 mamlakatiga eksport qilinmoqda. - Avgust 18, 2016