O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasida Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi Bitimga ikki tomonlama to’qimachilik Shartnomasining amal muddati tugaganini hisobga olib, Bitim qoidalarini to’qimachilik mahsulotlarining ikki tomonlama savdosiga kengroq ko’lamda qo’llash maqsadida Bitimga o’zgartirish kiritish to’g’risida Bayonnoma (To’qimachilik protokoli) ratifikatsiya qilingani va kuchga kirgani o’zaro iqtisodiy hamkorlik rivojiga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatishi shubhasizdir. Bunga Yevropa mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari ham ana shunday baho bermoqda.
Xususan, Italiyaning “Askanews” va “AgenPress” axborot agentliklari,“Fashion Network” ixtisoslashgan nashri xabar tarqatganidek, mazkur protokol Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga o’zbek to’qimachilik mahsulotlarini olib kirish uchun bojxona imtiyozlarini beradi. Shu tariqa O’zbekiston bilan yengil sanoat tovarlari savdosida o’ta qulay sharoit rejimi o’rnatiladi.
Yuqorida sanab o’tilgan ommaviy axborot vositalarida qayd etilganidek, ushbu tarmoqda o’zbek sheriklar bilan o’zaro hamkorlik zamonaviy yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishni yaratish, O’zbekistondagi mavjud korxonalarni qayta jihozlash va modernizatsiyalash nuqtai nazaridan savdo hamda sarmoyaviy aloqalarni yo’lga qo’yish va kengaytirishda yangi imkoniyatlar eshiklari ochiladi.
Italiya ommaviy axborot vositalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi “2017-2019 yillarda to’qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to’g’risida”gi qarori soha rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini alohida qayd etgan. Mazkur muhim hujjat 2020 yilga qadar qiymati 2,2 milliard AQSh dollariga teng bo’lgan 132 ta sarmoyaviy loyihani hayotga tadbiq etishni ko’zda tutishi o’quvchilarning e’tiboriga havola qilingan. “Ularning 50 foizi xorijiy sarmoyalar va kreditlar hissasiga to’g’ri keladi”.
Maqolalarda xabar qilinganidek, 2017 yili Jahon banki tarkibiga kiradigan Xalqaro Moliya korporatsiyasi O’zbekistonda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun fermerlarga yangi ko’mak dasturini ishga tushirdi. Eslatib o’tilganidek, 2016 yil 14 dekabr kuni Yevropa parlamenti O’zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi “To’qimachilik protokoli”ni ma’qulladi. Bu bitimning kuchga kirishi O’zbekiston to’qimachilik mahsulotlarining Yevropa bozorlariga eksportini yanada oshirish, xorijiy sarmoyadorlarning mamlakatimizga kiritayotgan investitsiyalari hajmini kengaytirish imkonini beradi.
Joriy yil 31 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mazkur protokolni ratifikatsiya qilish to’g’risidagi qonun loyihasini qabul qildi, 27 may kuni esa Oliy Majlis Senati ushbu hujjatni ma’qulladi. Shu yil 1 iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur protokolni ratifikatsiya qilish to’g’risidagi qonunga imzo chekdi.
“Jahon” AA,
Rim
Manba: Jahon Axborot agentligi
Ravshan Vafoev
Latest posts by Ravshan Vafoev (see all)
- «ADVANTEX» MChJ kompaniyasining Samarqand shahrida filialining ochilishi! - Yanvar 5, 2021
- ITMA 2019 ga xush kelibsiz! - Iyun 17, 2019
- Optibelt remenlari Toshkentda! - Aprel 24, 2019