O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan «Tadbirkorlik subyektlarining xuquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishning yangi tizimi: maqsad va vazifalar» mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Prezidentimizning joriy yil 19-iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, faoliyat yo‘nalishi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, barcha tadbirkorlik subyektlarini birlashtiruvchi tashkilot sifatida qayta tashkil etilishi yaratilayotgan yangi tizimga asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu maqsadda Savdo-sanoat palatasining vakolat va imkoniyatlari tubdan qayta ko‘rib chiqilib, unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasiga tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar berish, qabul qilingan me’yoriy-hukuqiy hujjatlar bo‘yicha noaniqlik va turlicha yondashuvlarni bartaraf etish yuzasidan yozma so‘rovnomalar yuborish, davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlariga taklif kiritish kabi muhim masalalarda qo‘shimcha vakolatlar yuklatildi.
Deputatlar Savdo-sanoat palatasining me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi qabul qilinayotgan hujjatlarda bir-birini takrorlovchi, zid talablardan kelib chiqadigan, tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil qilishga to‘sqinlik qiladigan rasmiyatchilik va qog‘ozbozlik kabi salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qilishini qayd etdi.
Tadbirda mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, sanoat salohiyatini oshirish, korxonalarning eksport quvvatini kuchaytirish, mahsulotlar raqobatdoshligini oshirish borasida banklar, bozor infratuzilma tashkilotlari, jumladan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasidagi samarali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Manba: Jahon Axborot Agentligi
Ravshan Vafoev
Latest posts by Ravshan Vafoev (see all)
- «ADVANTEX» MChJ kompaniyasining Samarqand shahrida filialining ochilishi! - Yanvar 5, 2021
- ITMA 2019 ga xush kelibsiz! - Iyun 17, 2019
- Optibelt remenlari Toshkentda! - Aprel 24, 2019